Oila insonni saodatini ta’minlovchi muqaddas qo’rg’ondir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi 2022-yil 7-martdagi PF-87-son Farmoni 3 bobining IV bo‘limida Oila institutini mustahkamlash va rivojlantirishda oila farovonligi darajasini oshirish, oilalarda ma’naviy-axloqiy muhitni yaxshilash choralari xaqida batafsil yoritilgan. Bu borada oilada erkaklarni o‘rni beqiyosdir. Shu boisdan 24.03.2023 yil 17.00 da Toshkent tibbiyot akademiyasining Rektorati majlislar zalida “Yoshlarni oilaviy hayotga ilk yoshdan boshlab bosqichma-bosqich tayyorlab borish kontsepsiyasi”ni amalga oshirish yuzasidan ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. Tadbir TTA Xotin-qizlar kengashi raisi professor G.S. Rahimbayeva, TTA Oilaviy tibbiyotda akusherlik va ginekologiya kafedrasi xodimlari, O‘zbekiston Respublikasi Din qo`mitasi din ishlari bo‘yicha mas’ul xodim Meliquziyev J. tomonidan 6 – talabalar turar joyida istiqomat qiluvchi talaba yigitlar uchun tashkil etildi. Tadbirni Xotin-qizlar kengashi raisi professor G.S. Rahimbayeva, TTA Oilaviy tibbiyotda akusherlik va ginekologiya kafedrasi mudiri professor D.K. Najmutdinova ochib berdilar.
Tadbir davomida Oilaviy tibbiyotda akusherlik va ginekologiya kafedrasi assistenti G.A. Axmedova tomonidan “Oila baxt qo`rg`oni. Oilada erkaklar ma`suliyatlari” mavzusida ma`ruza o‘qildi. Ma`ruza davomida prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyevning oila haqidagi “Eng katta baxt, men buni ming marta qaytarishdan charchamayman, oilamiz tinch bo‘lsin! Oila kichik vatan, oila tinch bo‘lsa, baxtli bo‘lsa, vatan tinch bo‘ladi. O‘sha baxtli kunlarni, vatanimizning, yoshlarimizning kamolini hozir niyat qilayotganimiz kabi ko‘rish hammamizga nasib etsin!” so`zlari keltirib o`tildi. Oilaviy tibbiyotda akusherlik va ginekologiya kafedrasi dotsenti F.A. Ataxodjayeva “Jinsiy yo`l bilan yuquvchi kasalliklar tarqalishida erkaklarning roli” mavzusida o`qib eshittirgan ma`ruzalarida esa so`ngi yillardagi ushbu kasalliklar statistikasi ortib borayotganligi va oilalar buzilishining asosiy qismiga sabab bo`layotgani haqida ma`lumotlar keltirildi.
O‘tkazilgan tadbir so‘ngida O‘zbekiston Respublikasi Din qo‘mitasi din ishlari bo‘yicha mas’ul xodimi Meliquziyev J. mavzu yuzasidan nutq so‘zlab talaba yigitlar bilan davra suhbatini o‘tqazdilar. Dinimizning ustuni muqaddas kitobimiz Quroni Karimda oila muqaddasligi va unda erkaklarning burch va vazifalari haqida keltirib o`tilgan sura va oyatlardan misollar keltirildi.
Suhbat davomida talaba yigitlar tomonidan berilgan mavzu doirasida turli savollar muhokamasi, hamda dunyoviy va diniy jamiyatda erkaklarning oiladi roli, ularning ma`suliyatlari haqida qizg`in munozara o‘tkazildi.
Xulosa qilib aytganda oilada erkakning mas’uliyati alohida ahamiyatga ega bo‘lib, erkak kishini ruhiy va jismoniy jihatlari bilan ayoldan farqli o’laroq uni oila rahbari bo’lishga mos holda yaratgan. Oila qurish va uni nafaqa bilan ta’minlash, osoyishtaligini saqlash va bu yo’ldagi barcha sarf-harajatlar erkakning zimmasidadir.
Oilalarga ta’sirchan metodik, konsultativ va amaliy yordam ko‘rsatishning samarali tizimini yaratishda yoshlarni ma’naviy va jismoniy barkamol qilib tarbiyalash esa davlatimiz siyosatining ustuvor yo’nalishi hisoblanadi.