«Akusherlik va ginekologiyada aktual muammolar» mavzusida o’tkazilgan o’zbek-turk seminari

Zamonaviy hayotni bugun ilm-ma’rifat va ta’limning taraqqiyotisiz tasavvur etib bo’lmaydi, insoniyat fan o’qi atrofida aylanayotgandek go’yo. Mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotini ta’minlashda jamiyatimizda amalga oshirilayotgan jadal o’zgarishlar, ayniqsa ta’lim va tibbyot sohalarida ro’y berayotgan keng ko’lamli islohotlarning o’rni katta. Shu bois, davlatimiz rahbari tomonidan «Ilm-fanni 2030 yilgacha rivojlantirish kontsepsiyasi» ishlab chiqilishi «Yangilanayotgan O’zbekiston» da ilm-fan va ta’lim tizimidagi jadal islohotlar, jumladan ilm-fan rivojidagi yangicha tashabbuslar va tizimli o’zgarishlarga olib kelmoqda.

Toshkent tibbiyot akademiyasi oilaviy tibbiyotda akusherlik va ginekologiya kafedrasi tomonidan 2023 yil 12 aprel kuni tashkil etilgan «Akusherlik va ginekologiyada aktual muammolar» mavzusida o’tkazilgan o’zbek-turk seminari ham bu islohotlarning mevasidir. TTA Litseyi zalida o’tkazilgan ilmiy-amaliy seminarni Toshkent tibbiyot akademiyasi ilmiy ishlar va innovasiyalar bo’yicha prorektor tibbiyot fanlari doktori Azizova F.L. ochib berdilar.

Seminar davomida akusherlik va ginekologiya sohasida aktual mavzularda kasalliklarning diagnostikasi, innovasion davolash usullari borasida qiziqarli ma’ruzalar eshitildi. Kafedramiz mudiri professor Najmutdinova Dilbar Kamariddinovna tomonidan o’qilgan «Akusherlik qon ketish muammolari» ma’ruzasida akusherlikda aktual hisoblangan qon ketishda onalar o’limi ko’rsatkichi, bu ko’rsatkichni kamaytirish yo’llari, urgent vaziyatlarda birinchi yordam ko’rsatish tamoyillarini o’qib eshittirdilar.

Turkiya tibbiyot fanlari Universiteti professori Levent Yashar «Siydik tuta olmaslikning urodinamik usullari» mavzusida qiziqarli ilmiy ma’lumotlar berib o’tdilar. Ushbu universitet professori Veli Mixmanli «Kesar kesishdan keyingi miomektomiya» mavzusidaga ma’ruza orqali o’z jarrohlik ko’nikma va mahoratlari bilan bo’lishdilar. Professor Suleyman Salman «Ayollar jinsiy a’zolarining prolapsida laparoskopik amaliyotlar» nomli videoma’ruzasida tos a’zolari prolapsida qo’llanadigan jarrohlik endovizual amaliyotida innovasion yondashuvlarni ko’rsatib berdilar. Professor Shukru Yildiz o’zining «Siydik tuta olmaslik jarrohlik amaliyotida anatomik yondashuv» nomli ma’ruzasida tos a’zolarini anatomik hususiyatlari va ushbu patologiyada qo’llanadigan TVT va TOT amaliyotlarini texnikasini namoyish etdilar.

Ma’ruzalar so’ngida seminar qatnashchilari tomonidan berilgan savollarga ma’ruzachilar javob berdilar. Ilmiy-amaliy seminar yakunida ma’ruzachilar seminar tashkilotchilari – Turkiya tibbiyot fanlari universiteti Sog’liqni Saqlash va ijtimoiy fanlar Evroosiyo ilmiy tekshirish markazi direktori professor Aynur Xonim Feyzioglu, Toshkent tibbiyot akademiyasi ilmiy ishlar va innovasiyalar bo’yicha prorektor tibbiyot fanlari doktori Azizova Feruza Lutfullaevna va TTA oilaviy tibbiyotda akusherlik va ginekologiya kafedrasi mudiri professor Najmutdinova Dilbar Kamariddinovnaga minnatdorchilik bildirdilar.

O’zbek-turk seminari davomida TTA oilaviy tibbiyotda akusherlik va ginekologiya kafedrasida klinik bazasida 3 kun davomida xodimlarimiz, magistr va klinik ordinatorlar uchun akademik mobillik asosida master-klasslar ham o’tkazildi. Turkiya tibbiyot fanlari Universiteti professor olimlari tomonidan TTA yangi o’quv binosi qoshidagi Simulyatsion Markazga ham tashrif buyurishdi va o’z ijobiy fikrlarini bildirishdi.

Tibbiyot tizimidagi islohotlar zamirida tibbiyot oliy ta’lim muassasalarini transformasiya qilish, ilg’or xorijiy tajribalar almashish asosida xodimlarning bilim va ko’nikmalarni oshirish o’tkazilgan ilmiy-amaliy seminarimizning asosiy maqsadidir.

 

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.