2025-yil 4–12-avgust kunlari Toshkent davlat tibbiyot universiteti, Akusherlik va ginekologiya kafedrasi xodimlari — tibbiyot fanlari doktori, dotsent Kamilova I.A. hamda PhD, assistent Gadoyeva D.A. Janubiy Koreyaning yetakchi tibbiyot maskanlarida — The Catholic University of Korea, St. Vincent’s Hospital va ROEN OB&GYN Clinicda malaka oshirish safarida bo‘lishdi.
Safar davomida ular dunyo miqyosida katta tajribaga ega bo‘lgan yetuk mutaxassislar — professor Joohe Yoon, shuningdek taniqli jarrohlar Ro Song Re va Ryu Chong Van bilan bevosita hamkorlikda ishlashdi.
Kafedra vakillari robot-assistensiyali miomektomiya, gisterektomiya, TVT/TOT, Mini Sling va Kesar kesish kabi zamonaviy, yuqori texnologiyalarga asoslangan jarrohlik amaliyotlarini bajarishda ishtirok etdilar. Bu jarrohlik usullari ayollar salomatligini saqlashda minimal invaziv yondashuv, qisqa reabilitatsiya davri va yuqori samaradorligi bilan ajralib turadi.
Mazkur safar nafaqat amaliy ko‘nikmalarni mustahkamlash, balki zamonaviy tibbiyotning ilg‘or texnologiyalarini o‘zlashtirish imkonini berdi. Olingan bilim va tajriba nafaqat nazariy mashg‘ulotlarda, balki kafedraning o‘quv jarayonida keng qo‘llanilib, talabalar, magistrlar hamda klinik ordinatorlar uchun mahorat darslari, amaliy mashg‘ulotlar va klinik faoliyatda o‘z ifodasini topadi.
Bu esa yosh mutaxassislarning kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish, zamonaviy klinik tafakkurni shakllantirish va ularni amaliy tibbiyotga tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi.