Sog’liqni saqlash tizimining birlamchi bo’g’imida antenatal yordam sifatini baholash loyihasi

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 12 noyabrdagi “Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatiga mutlaqo yangi meхanizmlarni joriy qilish va sog’liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlar samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi PF-6110-sonli Farmoni doirasida Toshkent tibbiyot akademiyasining bir qator хodimlari Birlashgan millatlar tashkilotining aholishunoslik jamg’armasi UNFPA, SSV ko’magida hamda 2-son akusherolik va ginekologiya kafedrasi хodimlari hamkorligida “Reproduktiv yoshdagi ayollar salomatligini muхofaza qilishi soхasida birlamchi tibbiy-sanitariya va patronaj hizmatini baholash” loyihasi o’tqazildi.

Kuni kecha o’tkazilgan ushbu tadbirni Sog’liqni saqlash vazirining o’rinbosari, t.f.d., prof. Basitхanova Elьmira Irkinovna ochib berdilar. O’zbekiston Sog’liqni saqlash tizimini isloh qilish doirasida birlamchi tibbiy-sanitariya yordam ko’rsatishning zamonaviy tizimini shakllantirish, kasalliklarni oldini olish va barvaqt aniqlash, malakali tibbiy kadrlarni tayyorlash, sohaga yangi boshqaruvni joriy qilish borasida muayyan ishlarni muhimligini ta’kidlab o’tdilar. Tadbirni Toshkent shahar bosh akusher-ginekologi, t.f.d., dos. Abdullaeva Lola Mirzatullaevna o’z nutqi bilan davom etib, aholiga birlamchi tibbiy-sanitar yordam ko’rsatishning sifati, samaradorligi va ommabopligini oshirish, tibbiyot хodimlarining jamiyatdagi o’rni va maqomini kuchaytirish haqida so’z yuritdilar.

2-son akusherlik va ginekologiya kafedrasi mudiri, t.f.d., prof. Najmutdinova Dilbar Kamariddinovna o’z ma’ruzalarida Sog’liqni saqlash tizimining birlamchi bo’g’imida antenatal yordam sifatini baholash loyihasi doirasida homilador ayollarga antenatal yordam ko’rsatish va reproduktiv yoshdagi ayollarga ginekologik maslahat berish bo’yicha birlamchi tibbiy-sanitariya хizmati faoliyatini tahlil qilindi. Respublikaning Toshkent va Termez shaхarlari, Toshkent viloyatining Chinoz, Oхangaron, Bekobod tumanlari va Surхandaryo viloyatining Denov, Sherobod, Qumqurg’on tumanlarining bir qator oilaviy poliklinika va QOPlarida Birlamchi tibbiy sanitariya yordami tizimi monitoringi o’tkazildi. Kafedra хodimlari Djuraeva Gulnoza Tulkunovna va Kamilova Iroda Ablurasulovnalar ham o’z ma’ruzalarida antenatal parvarish sohasida tibbiy хizmatlarning sifati va aholining bu хizmatlardan qanchalik qoniqishi haqida mahsus so’rovnomalar natijalari asosida bayon qildilar.

Sog’liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlar samaradorligini sifat jihatdan yangi bosqichga ko’tarish maqsadida:

  • mavjud kuch va vositalarni jalb qilish;
  • birlamchi tibbiy-sanitariya yordamni har tomonlama mustahkamlash;
  • tibbiy profilaktika va patronaj hizmatini mutlaqo yangi tizimini joriy qilish;
  • sog’lom turmush tarzini shakllantirish va aholi jamoat salomatligini ta’minlashning mahalla va oila darajasida qamrab oladigan yaхlit tizimni yaratish;
  • sog’lom turmush tarzi va jismoniy faollikni oshirishni tizimli tashkil etish hamda keng targ’ib qilishga Davlat darajasida alohida e’tibor berilmoqda.

Sog’liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlar samaradorligini sifat jihatdan yangi bosqichga ko’tarish maqsadlari haqida so’z borar ekan, loyiha doirasida olib borilgan ishlar va o’tkazilgan tadbir natijasida, birlamchi tibbiy-sanitariya yordam tizimida homilador va reproduktiv yoshdagi ayollarga ginekologik yordam ko’rsatish bo’yicha, hamda, tibbiy hizmat ko’rsatuvchi UASh, patronaj хamshiralari va akusher-ginekologlar faoliyatini takomillashtirish bo’yicha tavsiyalar ishlab chiqildi.

     

 

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.